O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari hamkorlik yo‘l xaritasini imzoladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari hamkorlik yo‘l xaritasini imzoladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Ostona shahriga tashrifi davomida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev uchrashdi.
Suhbatda siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va mintaqaviy sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki davlat rahbarlari siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlashdi. Shuningdek, parlamentlararo komissiya faoliyati, xalqaro maydondagi qo‘shma tashabbuslar va barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolandi.
Bundan oldin Tanzila Norboyeva Qozog‘istonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangandi.