
2025-yilning yanvar–iyun oylarida barcha turdagi xo‘jaliklarda jami 369,3 ming tonna poliz ekinlari yetishtirilgan. Bu haqda Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 foizga ko‘p. Umumiy hajmdan 123,5 ming tonnasi fermer xo‘jaliklariga, 235,7 ming tonnasi dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga, 10,1 ming tonnasi esa qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tarvuz eksportida ham yangi rekord o‘rnatdi. Joriy yilning faqat ikki oyida – may va iyunda eksport hajmi oldingi yillarning butun yilgi ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ldi.
Xalqaro savdo statistikasi va Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning may–iyun oylarida mamlakat 127,4 ming tonna tarvuz eksport qilgan. Bu 2023-yilda o‘rnatilgan butun yilgi rekorddan 22 foiz ko‘p.
Bundan oldin O‘zbekiston tarvuz eksportini deyarli 70 foizga oshirgandi. Ya’ni 2025-yilning yanvar – iyun oylarida mamlakat xorijga qiymati $29,9 millionga teng bo‘lgan 130,6 ming tonna tarvuz eksport qilgan.