O‘zbekistonliklarning katta qismi o‘rtacha kredit tarixiga ega — KATM

Shu yilning birinchi yarim yilligida respublika bo‘ylab 950 mingdan ziyod fuqaro o‘z kredit tarixini tekshirgan. Bu haqidagi statistik ma’lumotlar Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) tomonidan e’lon qilindi.
Jismoniy shaxslar kesimida
Kredit oluvchilarning 69 foizi erkaklar (654,6 ming nafar), 31 foizi ayollar (294,1 ming nafar). Skoring ballariga ko‘ra:
- 401–500 ball (a’lo): 80% erkaklar, 20% ayollar;
- 301–400 ball (yaxshi): 71% erkaklar, 29% ayollar;
- 201–300 ball (o‘rtacha): 67% erkaklar, 33% ayollar;
- 101–200 ball (qoniqarli): 71% erkaklar, 29% ayollar;
- 1–100 ball (yomon): 74% erkaklar, 26% ayollar.
Hududlar kesimida esa eng ko‘p kreditga ega jismoniy shaxslar Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan — 19,4% (184,4 ming nafar). Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (11,9%), Samarqand viloyati (8,3%) va Farg‘ona viloyati (7,6%) turibdi.



Yuridik shaxslar kesimida
Skoring ballariga ko‘ra:
- 201–300 ball (o‘rtacha) eng katta ulushni egallab, 74 foizni (6,4 ming tashkilot) tashkil etadi.
- Yaxshi ball (301–400) — 16%, a’lo (401–500) — 3%, qoniqarli (101–200) — 6%, yomon (1–100) — 1%.
Hududlar bo‘yicha eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 71,1% (6,1 ming tashkilot). Qolgan hududlarda ko‘rsatkich ancha past: Farg‘ona viloyati — 3,6%, Andijon viloyati — 3,2%, Samarqand viloyati — 3,1%, Toshkent viloyati — 2,9%.
Kredit tarixi qanday tekshiriladi
Kredit tarixini bilishnining bir nechta usullari bor. Jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham kredit tarixi haqida ma’lumot olish mumkin.
Xizmatdan foydalanish uchun OneID orqali tizimga kiriladi va «Iqtisodiyot va biznes» bo‘limidagi «Kredit tarixini olish» xizmati tanlanadi.
Ariza shakli to‘ldirilib, ma’lumotlar tasdiqlanadi. Telefon raqamiga ariza raqami bilan SMS-xabar yuboriladi. Kredit skoringi natijalari My.gov.uz shaxsiy kabinetida paydo bo‘ladi.
Xizmatdan birinchi marta foydalanish bepul, keyingi murojaatlar jismoniy shaxslar uchun Yagona portal orqali topshirilganda 14 832 so’m.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ikki oyda 73 ming kishi o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlagani haqida yozgandi.