San’atkorlar endi soliq deklaratsiyasini onlayn tarzda taqdim etishi mumkin

Soliq qoʻmitasi «Soliq» mobil ilovasi orqali «Konsert-tomosha faoliyati» xizmati bo‘yicha soliq deklaratsiyalarini topshirish imkonini yaratdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Endilikda xonanda va ijrochilar o‘z yillik daromadlari haqida deklaratsiyani onlayn tarzda taqdim etib, konstitutsiyaviy burchi – daromad solig‘ini to‘lash majburiyatini bajarishlari mumkin.
Jarayon «Oʻzbekkonsert» bazasi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, litsenziyaga ega san’atkorlar shaxsini tasdiqlaganidan so‘ng ilovadan avtomatik foydalanishi mumkin.
Bugungi kungacha 1 954 nafar xonanda deklaratsiya topshirgan. Eng faol hududlar qatorida Xorazm (294), Toshkent shahri (291), Buxoro (212), Samarqand (207) va Toshkent viloyati (157) yetakchilik qilmoqda.
Shuningdek, san’atkorlar o‘rtasida jarayonni ommalashtirish maqsadida #mendeklaratsiyatopshirdim_challenge va #яподаюдекларацию chellendjlari ham yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kontrakt to‘lovlari uchun soliq imtiyozida yosh chegarasi bekor qilingan edi.