
Tesla Xitoy bozorida yangi Tesla Model Y L elektromobilini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Avtomobilning boshlang‘ich narxi 339 ming yuan ($47 ming) etib belgilangan. Dastlabki yetkazib berish ishlari sentabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Model Y L standart Model Y’dan biroz farq qiladi. Tom chizig‘i va orqa spoyleri qayta ishlangan, bu esa avtomobilga yanada dinamik ko‘rinish berib, aerodinamik ko‘rsatkichni 0,216 gacha pasaytirgan. O‘lchamlari 4976×1920×1668 mm. G‘ildirak bazasi 3040 mmni tashkil etadi.

Salonida 16 dyuymli yangi markaziy sensorli ekran o‘rnatilgan. Oldingi simsiz quvvatlash panellari endi bir vaqtning o‘zida 50 Vt va 30 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llaydi. Audio tizimi yangilangan, ikkinchi va uchinchi qator o‘rinliklari uchun alohida portlar qo‘shilgan.
Xavfsizlik tizimiga uch qatorli yostiqchalar kiritilgan bo‘lib, ular mashinaning xavfsizligini ta’minlaydi. Yukxonasi 2539 litr hajmgacha kengayadi.

Model Y L ikki dvigatelli to‘liq yuritma tizimida ishlaydi. Old motor 142 kVt (190 ot kuchi), orqa motor esa 198 kVt (266 ot kuchi) quvvat beradi. Mashina 0’dan 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyada chiqadi. 82 kVt/soat sig‘imli batareya bilan CLTC bo‘yicha 751 km masofani bosib o‘tadi. O‘rtacha sarfi 12,8 kVt/soat/100 kmni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv uzbekistan nashri Tesla brendining tarixi haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda kompaniyaning oddiy sportkar orzusidan trln dollarlik texnologik gigantgacha bo‘lgan yo‘li haqida so‘z boradi.