Toshkentda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya markazi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu yil 7-mayda berilgan topshiriq asosida soha mutaxassislari, aholi va xususiy sektor vakillari ishtirokida qator takliflar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda viloyat va tumanlarda tibbiy xizmatlarni kengaytirish, aholiga yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda. 1,5 mingta klinik protokol xalqaro talablarga moslashtiriladi. Eng keng tarqalgan kasalliklar bo‘yicha bemorlar marshrutlari raqamlashtiriladi. Sun’iy intellekt yordamida insult va yurak kasalliklarini erta aniqlash, telemeditsina, trombolizis terapiya va stentlash xizmatlari joriy etiladi.
Toshkentda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya markazi tashkil etilib, yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun $150 mln yo‘naltiriladi.

Laboratoriya xizmatlarini rivojlantirish, 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish va jarayonlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bepul tahlillar soni oshiriladi.
Shuningdek, Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantiriladi. Xalqaro hamkorlar bilan yangi dasturlar joriy qilinadi va hamshiralarni xalqaro sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi.
Jamoat salomatligi, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va qon xizmatini takomillashtirish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. Farmatsevtika sohasida sifatli va xavfsiz dorilar bilan ta’minlash, texnologiya transferi va zamonaviy mexanizmlar tatbiq qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tuman va shaharlarda sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etilishi haqida yozgan edik.