2030-yilgacha tadbirkorlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qildi.
Ushbu muloqotga qadar 26 ta sohaning qariyb 7 ming vakili bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, koll-markazlar orqali 13 mingdan ortiq murojaat va tashabbus kelib tushgan. Muhim masalalarga, meva-sabzavot eksporti va to‘qimachilikdagi muammolariga aniq yechimlar topilgan.
Shuningdek, kichik loyiha asosida ish boshlagan va tajriba orttirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endilikda ro‘yxatdan o‘tish va hisobot topshirish jarayonlari raqamli platformalar orqali soddalashtiriladi, hujjatlarni biometriya va SMS-xabar yordamida elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi. Ishchilarga esa elektron hamyon orqali kunbay yoki soatbay maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlarga barcha to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beruvchi universal QR-kod taqdim etiladi.
Kelasi yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun soliq tizimi soddalashtiriladi. Ular endilikda yagona tartibda aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tadi.
Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor yiliga 12 million so‘mgacha qat’iy soliq to‘lagan bo‘lsa, yangi tizimda atigi 1 million so‘m to‘laydi. Aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlarning soliq yuki ham 3–4 barobarga kamayadi.
«Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m qolmoqda. Tasavvur qilyapsizlarmi, 1 trillion so‘m! Bu kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, ularning biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat», — dedi prezident.
Avvalroq «Kursiv» nashri sakkiz yilda O‘zbekistonga $230 milliard investitsiya kirib kelgani haqida yozgandi.