
Realme tomonidan yangi Realme P4 Pro smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Model arzon narx va kuchli xususiyatlarning uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Qurilmaning qalinligi atigi 7,68 mm, og‘irligi esa 189 gni tashkil etadi. Smartfon suv va changdan to‘liq himoyalangan (IP68/IP69). Eng katta afzalligi 7000 mA·soat sig‘imli batareya bo‘lib, u 80 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Realme P4 Pro 6,8 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 1,5K o‘lchamda, 144 Hz yangilanish tezligi va 4608 Gs PWM chastotasini ta’minlaydi. Uni Corning Gorilla Glass 7i himoya qiladi.
Smartfonning yuragi deya Snapdragon 7 Gen 4 protsessorini aytish mumkin. Asosiy kamera ikki moduldan iborat: 50 MP + 8 MP. Old kamera esa 50 MP. Kamera ilovasida AI Hyper Clarity va AI Hyper Motion kabi sun’iy intellekt funksiyalari mavjud.

Qo‘shimcha imkoniyatlari orasida IR-port, ekran osti barmoq izi skaneri va stereodinamiklar bor.
Narxlar:
Xotira hajmi | Narxi |
---|---|
8/128 GB | $290 |
8/256 GB | $310 |
12/256 GB | $335 |

Ma’lumot o‘rnida Realme so‘nggi yillarda tez ommalashgan smartfon brendi bo‘lib, asosan yoshlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan. Kompaniya 2018-yilda mustaqil brend sifatida ish boshlagan. U qisqa vaqt ichida arzon narxda kuchli texnik xususiyatlarni taqdim etishi bilan mashhur bo‘ldi. Realme smartfonlari zamonaviy dizayn, tezkor protsessorlar, kuchli kameralar va katta quvvatli batareyaga ega. Bundan tashqari, brend nafaqat telefon, balki aqlli soatlar, naushniklar va boshqa «aqlli» gadjetlarni ham ishlab chiqaradi. Shu sababli, Realme bugungi kunda bozorda eng tez rivojlanayotgan texnologiya kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme GT 7 Dream Edition smartfoni haqida yozgan edi.