Chevrolet Tracker avtomobili haqida qiziqarli 5 ta fakt

20-avgust 2025 12:57 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker — zamonaviy dizayn va qulay texnologiyalarni o‘zida jamlagan mashhur krossover. Avtombil O‘zbekistonda ham katta mashhurlikka ega. Joriy yilning boshidan buyon 21,3 ming dona sotilgan. Modelning ixcham o‘lchamlari shahar sharoitida juda qulay harakatlanishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, kuchli dvigatel va zamonaviy xavfsizlik tizimlari unga ishonchlilik qo‘shadi. Quyidagi maqolada Chevrolet Tracker haqida qiziqarli besh fakt keltiriladi.

Global yaratilish tarixi va ilk taqdimoti

Chevrolet Tracker
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker aslida Suzuki Escudo (Vitara) modeli bilan bog‘liq. U Yaponiyada 1988-yil may oyida ilk bor taqdim etilgan. Bir yil o‘tib, 1989-yilda General Motors va Suzuki hamkorligida Shimoliy Amerikaga chiqarilgan. U yerda u Geo Tracker nomi bilan tanildi.

Suzuki Escudo (Vitara) / Foto: Vikipediya

Ilk Tracker ixcham bo‘lib, yuk mashinasi shassisiga asoslangan va to‘liq 4×4 tizimi bilan qiyin yo‘llarda chidamli edi. Dastlab Geo brendi ostida sotilgan model 1998-yildan boshlab to‘liq Chevrolet logotipi bilan ishlab chiqarila boshlandi. Qiziq jihati 2019-yilda chiqqan yangi Tracker eski model bilan bog‘liq emas. U Trax o‘rnini bosuvchi subkompakt SUV sifatida yaratilgan.

Dizayn xususiyatlari va mualliflari

Foto: Samijon Juraqulov

Yangi Chevrolet Tracker dizayni GM’ning xorijdagi studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Modelning tashqi ko‘rinishini xitoylik dizaynerlar Hao Huang va Zongheng Sun yaratgan. Old qismining yirik radiator panjarasi va bamperi Chevrolet Orlando uslubiga juda o‘xshash. Umuman olganda, Tracker zamonaviy Chevrolet dizayn tiliga mos tushadi va oldingi avlodga qaraganda kattaroq taassurot beradi.

O‘zbekiston va boshqa bozorlardagi versiyalari

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistondagi Chevrolet Tracker mahalliy ehtiyojlarga moslab ishlab chiqarilgan. Asaka zavodida 2022-yildan boshlab 1.2 litrli, 132 ot kuchli turbo dvigatel bilan yig‘ilmoqda. Bu Xitoy bozoridagi 1.0 litrli, 125 ot kuchli avvalgi dvigateldan ancha kuchli hisoblanadi. Braziliyada esa Tracker ko‘pincha etanol va benzin aralashmasida ishlaydigan flex-fuel dvigatellarga ega.

Eski avlodlari Janubiy Koreya va Meksikada ham ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yangi versiya asosan Xitoy va Lotin Amerikasi uchun mo‘ljallangan. Shu sababli, AQSh va Kanada bozorida u sotilmaydi. U yerda faqat eski Geo/Chevy Tracker mavjud edi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan versiya Tracker 2 nomi bilan taqdim etiladi. Bu esa avvalgi Trax modelidan farqini aniqroq ko‘rsatish uchun joriy qilingan.

Qiziqarli texnik xususiyatlar

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Birinchi avlod Tracker yuk mashinalariga o‘xshash shassi va drayv tizimida yaratilgan. Shu bois uning boshqaruvi yuk mashinalaridek barqaror. Shu bilan birga, chidamli bo‘lgan. Qiziq fakt: dastlab Kanadada ishlab chiqarilgan Trackerlar AQShga eksport qilingan. Bu usul Chicken Tax deb atalgan 25 foiz bojxona to‘lovidan qochish imkonini bergan. Yangi avlod Tracker esa GM va SAIC hamkorligidagi GEM platformasida ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda yig‘iladigan versiyalar uchun 1.2L turbo dvigatel mahalliy zavodda yasaladi. Krossover barcha bozor versiyalarida 6 ta xavfsizlik yostig‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, elektron barqarorlik nazorati (ESC) harakat xavfsizligini oshiradi.

Ayrim mamlakatlarda maxsus versiyalar

Chevrolet Tracker haqida qiziqarli 5 fakt qaysilar / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker turli bozorlarda o‘ziga xos modifikatsiyalar bilan ham chiqarilgan. Kanadada 1989–1991-yillarda Chevrolet va GMC Tracker sotilgan. 1992–93 yillarda u Asüna Sunrunner, 1994–98-yillarda esa Pontiac Sunrunner bo‘lib taklif etildi. Sunrunner premium darajada jihozlanib, yopiq va konvertibl karosseriyalarda chiqdi. Filippinda 1999–2001 yillarda Kanada zavodidan import qilingan Tracker sotilgan. U 2.0L Suzuki dvigateli va elektr boshqaruvli o‘rindiqlarga ega edi. Shuningdek, CD-pleyerli audio tizimi bilan ham jihozlangan. Meksikada esa ikkinchi avlod Tracker 2000–2008-yillarda sotilgan. U 2008-yilda Saturn Vue yoki Chevrolet Captiva Sport bilan almashtirilgan. Bu misollar Tracker nomi turli bozorlarda turlicha talqin qilinganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilining kamchiliklari haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek