CyberWeek dasturining Nukus bosqichi yakunlandi

18–20-avgust kunlari Nukusda CyberWeek dasturining mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi. Tadbir Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi va Uzacard to‘lov tizimi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvlar Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy bank, IIV, tijorat banklari va IT-kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Ikki kun davomida kiberxavfsizlik, moliyaviy sohada firibgarlikka qarshi kurashish va raqamli madaniyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dastur doirasida matbuot anjumani, panel muhokamalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mutaxassislar to‘lov xizmatlarini himoyalash hamda zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashdi.




Foto: Asliddin Shamsiyev
CyberWeek Nukus bosqichi Farg‘ona va Samarqandda o‘tkazilgan tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. U O‘zbekistonda foydalanuvchilar uchun xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida qayd etildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, kiberxavfsizlikni rivojlantirish bugun davlat, biznes va jamiyatning hamkorligisiz mumkin emas.
Bundan oldin Samarqanddagi CyberWeek forumida so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda kiberjinoyatchilik 68 baravarga oshgani ma’lum qilingandi.