Har bir tarmoqning 10 tadan mahsulotiga «O‘zbekiston ramzi» belgisi beriladi

eʼlon qilindi
Ularni jahon bozorida targ‘ib qilish uchun keng ko‘lamli kampaniya boshlanadi
Har bir tarmoqning 10 tadan mahsulotiga «O‘zbekiston ramzi» belgisi beriladi. Foto: UZKIMYOIMPEKS

Bundan buyon har bir tarmoqning sifatli va raqobatbardosh 10 tadan mahsulotiga «O‘zbekiston ramzi» sifat belgisi beriladi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qildi

Ta’kidlanishicha, ushbu sifat belgisi berilgan mahsulotlarni jahon bozorida targ‘ib qilish uchun keng ko‘lamli kampaniya boshlanadi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda to‘qimachilikda «Ishonchli eksportchi» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali eksport oldi moliyalashtirish tizimi joriy etilib, buning uchun $200 million mablag‘ ajratiladi.

Mazkur tartib elektr texnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va farmatsevtika kabi eksport salohiyati yuqori, ammo imkoniyatlari to‘liq ishlatilmagan sohalarda ham joriy etiladi. Bu yo‘nalishdagi tadbirkorlarning aylanma mablag‘iga qo‘shimcha $500 million beriladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga mas’ul o‘rinbosarlariga 1-noyabrga qadar har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.

Endilikda import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun beriladi.

Bundan tashqari, davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Bundan oldin 2030-yilgacha tadbirkorlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek