Kelgusi yildan boshlab davlat aktivlari besh yil muddatga ijaraga beriladi

Kelgusi yildan boshlab davlat aktivlari besh yil muddatga ijaraga beriladi. Bu haqda davlat rahbari yig‘ilishda ma’lum qildi.
Shartnoma faqat ijara oluvchi istasa yoki majburiyatlarini bajarmasa bekor qilinadi. Shuningdek, endi davlat obyektlari va yer maydonlari uchun yillik ijara narxi inflyatsiya darajasidan ortiq oshirilmaydi.
Yig‘ilishda 1991-yilda qabul qilingan «Ijara to‘g‘risida»gi qonun asosan davlat manfaatini himoya qilgani ta’kidlandi. Endi ijara beruvchi va oluvchi huquqlarini teng himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, joriy yil 16 tumanni jadallik bilan rivojlantirish uchun 1,1 trillion so‘m ajratildi. Jahon banki ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, $250 million mablag‘ ajratmoqda. Kelgusi yilda esa yana $500 million hisobiga 30 tumanda shunday loyihalar amalga oshiriladi.
Bundan oldin 2028-yilgacha mehmonxona va turistik maskanlar qurishga besh ming gektar yer auksionga chiqarilishi ma’lum qilingandi.