Kelgusi yildan tadbirkorlarga kredit olish yanada osonlashadi

eʼlon qilindi
Skoring tizimi soliq va kommunal to‘lovlar, rasmiy aylanma va eksport operatsiyalarini ham inobatga oladi
Bank
Kelgusi yildan tadbirkorlarga kredit olish yanada osonlashadi. Foto: Traffic News

Kelgusi yildan muqobil skoring modeli ishga tushib, kredit berish shartlari yanada osonlashtiriladi. Bu haqda davlat rahbari tadbirkorlar bilan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Prezident hozirda kredit tarixi «o‘rtacha», lekin ozgina ko‘mak berilsa, tez o‘sish imkoniga ega yana 500 ming mijoz borligini ta’kidladi. Shu sabab endi skoring tizimi soliq va kommunal to‘lovlar, rasmiy aylanma va eksport operatsiyalarini ham inobatga oladi.

Banklar bu yil tadbirkorlik loyihalari uchun olti milliard dollar resurs olib kelmoqda. Keyingi yilda esa aynan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda bir milliard dollar alohida resurs ajratiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi esa «chempion tadbirkor»larni ko‘paytirish maqsadida 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beradi. Ishlab chiqarish, servis va yashil iqtisodiyot loyihalariga ajratilgan kreditlar qayta moliyalashtiriladi, natijada tadbirkorlar oladigan kredit foizi yiliga olti foizgacha pasayadi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda tadbirkorlar milliy va xorijiy marketing platformalarida sotilgan mahsulotlari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan. Davlat rahbari mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirdi.

Shu bilan birga, fintech startaplarni ko‘paytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilinadi. Banklar, fintech kompaniyalar va startaplar o‘rtasida «ochiq banking» tizimi joriy etilib, yangi ekotizim shakllantiriladi.

Bundan oldin «Yosh tadbirkorlar» chempionati g‘oliblariga bir milliard so‘mgacha investitsiya qilinishi ta’kidlangandi.

Shuningdek