Labubu ishlab chiqaruvchisi foydasini 400 foizga oshirdi

Xitoyning Pop Mart kompaniyasi 19-avgust kuni yilning birinchi yarmi bo‘yicha Labubu sof foydasi qariyb 400 foiz oshgani haqida hisobot berdi. Bu haqda Reuters yozmoqda.
Xabarga ko‘ra, bunga o‘yinchoqlarga bo‘lgan yuqori talab va yuqori foydali xorijiy bozorlarga yo‘nalish sabab bo‘lgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, sof foyda 396,5 foizga, daromad esa 204,4 foizga oshdi. Bu natijalar iyul oyida berilgan prognozlardan ham yuqori bo‘ldi. O‘shanda Pop Mart daromad 200 foizga, sof foyda esa kamida 350 foizga ko‘payishini kutayotganini bildirgandi.
Pop Mart aksiyalari yil boshidan beri 200 foizdan ko‘proqqa oshib, kompaniyaga Barbie qo‘g‘irchoqlari ishlab chiqaruvchisi Mattel va Hello Kitty brendi egasidan ham yuqori bozor qiymatini ta’minladi.
Pop Martning asosiy mahsulotlaridan biri bu blind box shaklidagi kolleksion qo‘g‘irchoqlar. Bunda xaridor qaysi dizayn chiqishini qadoq ochmaguncha bilmaydi.

Labubu sotuvi oshishida mashhur insonlar katta rol o‘ynagan. Masalan, Blackpink guruhidan Liza, qo‘shiqchi Rianna va futbolchi Devid Bekxem bu qo‘g‘irchoqlar muxlislari hisoblanadi.
Pop Mart’ning The Monsters nomli brendi tarkibidagi Labubu qo‘g‘irchog‘i 2025-yilning birinchi yarmida $669,88 million daromad keltirdi. Bu kompaniya umumiy tushumining 34,7 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, kompaniyaning yana to‘rtta brendi, jumladan Molly va Crybaby, har biri $139,3 milliondan ko‘proq daromad keltirdi.
Bugungi kunda Pop Mart’ning 571 ta do‘koni (shundan 40 tasi yilning birinchi yarmida ochilgan) va 18 ta mamlakat hamda hududda 2 597 ta avtomatlashtirilgan savdo nuqtalari mavjud.
Bundan avval «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar Labubu xaridiga bir mlrd so‘mdan ortiq sarflagani haqida yozgandi.