
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik qoidalariga oid yangi tartiblarni tasdiqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
2025-yil 4-avgustda qabul qilingan mazkur buyruq asosida bir qator idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Ular mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarish xavfsizligi, tibbiy ko‘riklar, texnik reglamentlar va sanitariya-gigiyena normalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Jumladan, issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqarish, matbaachilik va klinik laboratoriyalar sohasida xodimlar mehnatini muhofaza qilish tartiblari yangilandi.
Yangi talablarga ko‘ra:
- 50 va undan ortiq xodim ishlaydigan tashkilotlarda albatta mehnatni muhofaza qilish xizmati yoki mutaxassis lavozimi joriy etiladi;
- baxtsiz hodisalarni tekshirish, majburiy tibbiy ko‘riklarni tashkil etish tartiblari kuchaytiriladi;
- ishlab chiqarish binolarida xavfsizlik va sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etilishi shart bo‘ladi.
Buyruq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan bo‘lib, 2025-yil 18-avgustda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QQSga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinishi haqida yozgan edik.