
Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Sahir Shamshod Mirzo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mehmonlar orqali Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning salom va ezgu tilaklari yetkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik, ko‘p qirrali hamkorlik hamda joriy yil fevral oyida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Turli darajadagi almashinuv va muloqotlar faollashgani qayd etildi: tovar ayirboshlash 23 foiz, yuk tashish 50 foiz oshdi, Karachi va Lahor shaharlarida savdo uylari ochildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paydi.
Shuningdek, harbiy-texnik soha hamkorligi va xavfsizlikka zamonaviy tahdidlar bilan kurashish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda Transafg‘on temir yo‘lini qurish bo‘yicha uch tomonlama bitimni tez fursatda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshgani haqida yozgan edik.