O‘zbekistonda qariyb 80 kg giyohvandlik moddasi musodara qilindi

Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 80 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Surxondaryoda ikki nafar fuqaro 20 kg 374 gr «opiy» va 41 kg 668 gr «gashish» bilan ushlandi. Ularning sheriklari ham qo‘lga olindi. Toshkent viloyatida esa marmar quymaning ichiga yashirilgan 7 kg 902 gr «mefedron» aniqlanib, Rossiyadan olib kirgan kuryer va buyurtmachisi hibsga olindi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida afg‘on narkosavdogarlaridan giyohvandlik vositalarini olib sotish bilan shug‘ullangan ona-bola ushlanib, ulardan 5 kg 878 gr «opiy» va 3 kg 922 gr «gashish» ashyoviy dalil sifatida olindi.
Umumiy hisobda 79 kg 744 gr giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ularning barchasiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada bojxona posti boshlig‘i pora bilan ushlangan edi.