Yangiliklar

QQSga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi

Kelgusi yildan esa tadbirkorlarning hisobotlarini soliqchilar bepul tayyorlab beradi
QQSga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

QQS stavkasi 12 foizga tushirilgani tufayli bu soliq rejimiga o‘tayotgan tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Shu sabab QQSga o‘tayotgan korxonalarga qo‘shimcha yengilliklar beriladi:

  • ular bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi;
  • hisob-kitobda xatolik bo‘lsa jarima qo‘llanmaydi;
  • buxgalter maoshining besh million so‘mgacha qismi olti oy davomida soliqlardan chegirib tashlanadi.

Shuningdek, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalarga qo‘yilgan foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lov talabi endi faqat 20 milliard so‘mdan yuqori aylanmaga ega bo‘lganlarga tatbiq etiladi. Bu orqali 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida bir trillion so‘mlik qo‘shimcha mablag‘ qoladi.

Bundan tashqari, soliq tekshiruvlarida aniqlangan xatolar bo‘yicha «amnistiya» e’lon qilindi. 1-noyabrgacha tadbirkorlar o‘z xatolarini mustaqil tuzatib olish imkoniga ega bo‘ladi va bu ularning tadbirkorlik reytingini «toza sahifadan» boshlashiga yordam beradi.

Kelgusi yildan esa yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad solig‘i hisoboti tadbirkorlar zimmasidan olinib, uni soliqchilar bepul tayyorlab beradi. Tadbirkorlarga esa besh kun ichida hisobotni ko‘rib chiqish va kerak bo‘lsa tuzatish kiritish imkoniyati yaratiladi. Jarimalar tizimi ham o‘zgartirilib, kichik biznes uchun miqdor uch barobar kamaytiriladi.

Bundan oldin kelgusi yildan tadbirkorlarga kredit olish yanada osonlashishi xabar qilingandi.