Sakkiz yilda O‘zbekistonga 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonga $230 milliard investitsiya kirdi, shundan $120 milliarddan ortig‘i xorijiy sarmoya hisoblanadi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan anʼanaviy ochiq muloqot chog‘ida ma’lum qildi.
Jahon iqtisodiyotida turli murakkabliklar kuzatilayotganiga qaramay, O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda iqtisodiyot 7,2 foizga o‘sdi.
«Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham boʻlmasdi. Lekin biz buni uddaladik», — dedi prezident.
Bundan tashqari, bir yil ichida 1,6 ming mikro korxona o‘rta korxonaga aylandi, ulardan 143 tasi esa yirik korxonaga qadar o‘sdi. 122 ta kichik korxona ham yirik biznes safiga qo‘shilgani ta’kidlandi.
Oʻtgan yili aylanmasi 1 trillion soʻmdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning oʻtgan olti oyida ularga qoʻshimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard soʻmlik marrani zabt etdi.
Shuningdek, biznesni soyadan chiqarish siyosati hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi. 273 ming korxonada ish haqi fondi 22 foizga o‘sib, qo‘shimcha 4,6 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Xususiy sektorda o‘rtacha oylik ish haqi o‘tgan yildagi to‘rt million so‘mdan besh million so‘mga yaqinlashdi.
Bundan avval har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil etilishi belgilangandi.