Gadjetlar

Samsung Galaxy S25 Ultra kamerasidagi muammo tuzatildi

Galaxy S25 liniyasi uchun One UI 8’ning beshinchi beta-versiyasi chiqarildi
Samsung Galaxy S25 Ultra
Samsung Galaxy S25 Ultra kamerasidagi muammo tuzatildi / Foto: Tech radar

Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S25 Ultra kamerasidagi muammoga yechim topdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Samsung Galaxy S25 liniyasi uchun One UI 8’ning beshinchi beta-versiyasi chiqarildi. Yangilanish Germaniya, Hindiston, Buyuk Britaniya va AQShda tarqatilmoqda. Uning kodi ZYH6 bo‘lib, hajmi 1,78 GB ni tashkil etadi.

Foto: Sammobile

Ushbu versiyaga avgust xavfsizlik patchi kiritilgan va Android hamda One UI’dagi o‘nlab zaifliklar bartaraf etilgan. Shuningdek, dasturda o‘nta xato tuzatildi. Eng muhim yangilik – 100 karra zoom rejimida Oy tasviri binafsha tusda chiqib qolish muammosi bartaraf etilgani bo‘ldi. Hozircha Samsung oltinchi beta-versiyani chiqaradimi yoki darhol yakuniy One UI 8 reliziga o‘tadimi noma’lum. Yakuniy versiya sentabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Galaxy S25 Ultra kamerasida muammo yuzaga kelgani haqida yozgan edi. One UI 8 beta versiyasini sinovdan o‘tkazayotgan Galaxy S25 Ultra foydalanuvchilari noodatiy xatoga duch kelgan edi. Oy suratlari odatdagi oq yoki kulrang o‘rniga binafsha tusda saqlangan.

Foto: Sammobile

Ma’lumot o‘rnida, Samsung Galaxy S25 Ultra kompaniyaning eng so‘nggi flagman smartfoni bo‘lib, kuchli dizayn va ilg‘or texnologiyalarni birlashtiradi. Qurilma yuqori aniqlikdagi AMOLED displey, kuchli Snapdragon protsessori va sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Asosiy e’tibor kamera tizimiga qaratilgan – 200 megapikselli bosh kamera va 100 karra zoom yordamida aniq va tiniq suratlar olish mumkin. Batareya sig‘imi katta bo‘lib, tezkor quvvatlash qo‘llab-quvvatlanadi. Galaxy S25 Ultra Samsung’ning premium segmentdagi yetakchi modeli sifatida bozorda katta qiziqish uyg‘otmoqda.