Yangiliklar

Shodiyevning Yevrosiyo banki atrofidagi ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi belgilandi

Shodiyevga bog‘liq kelishmovchiliklar yil boshida boshlangan
Shodiyevning Yevroosiyo banki atrofidagi ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi belgilandi / Foto: Kursiv.media

26-avgust kuni soat 10:30 da Fattoh Shodiyevning Yevrosiyo moliya kompaniyasiga (YMK) qarshi da’vosi bo‘yicha dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Mazkur kompaniyaga Yevrosiyo banki va sug‘urta kompaniyasi kiradi. Bu haqda sud materiallarida qayd etilgan.

Fattoh Shodiyev YMK aksiyadorlaridan biri hisoblanadi. U joriy yilning iyul oyi boshida sudga murojaat qilib, 2025-yil 2-iyunda kompaniya kuzatuv kengashi qabul qilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topishni va YMKni navbatdan tashqari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazishga majbur etishni talab qilgan. Kengash 2-iyunda qanday qarorlar qabul qilgani esa noma’lum.

Olmaota tumanlararo iqtisodiy sudi Shodiyevning da’vosiga ta’minot choralarini qo‘llashni rad etdi. Sud qarorida bu «aksiyadorlik jamiyatining butun faoliyatini falaj qilishi mumkin»ligi aytildi.

Shundan so‘ng, marhum Alijon Ibragimovning o‘g‘li – Shuhrat Ibragimov ham YMKga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qildi. U, aksincha, kuzatuv kengashining qarorlarini haqiqiy deb tan olishni va ularni ijro etishga majbur qilishni talab qildi. Shuhrat Ibragimovning o‘zi kengash a’zosi hisoblanadi.

Shodiyev va Ibragimov o‘rtasidagi kelishmovchilik yil boshida boshlangan. Shodiyev va Mashkevich YMKni sotishni rejalashtirgan bo‘lsa, Ibragimov bunga qarshi chiqqan. Sudga murojaat qilib, u YMK taqdirini hal qilishi kerak bo‘lgan bir nechta aksiyadorlar yig‘ilishining o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilgan.

Iyul oxirida nizoga Shodiyevning qizi – Munisa ham qo‘shildi. U uchinchi tomon sifatida ishtirok etib, otasining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. YMK esa o‘z navbatida kuzatuv kengashi a’zolari Ibragimov va Andrey Kopov ustidan sudga murojaat qildi.

Sud materiallarida qayd etilishicha, majlisga da’vogar va javobgar taklif qilinadi va ular o‘z pozitsiyalarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Qozogʻiston Yevrosiyo bankining shuba korxonasi Oʻzbekistonda ham ishlaydi. Litsenziya borligiga qaramay bu bank bizda faol emas, na kreditlarni beradi na depozitlarni qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda yo‘qolgan harbiy vertolyotdagi ikki uchuvchining jasadi topilgani haqida yozgan edik.