
O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev rasmiy ravishda Moskvaning «SSKA» klubidan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» jamoasiga o‘tdi. «SSKA» direktori Kirill Breydo futbolchi transferi uchun to‘lov klub hisobiga tushganini ma’lum qildi.
«Abbos Fayzullaev transferi uchun mablag‘ shartnomada belgilanganidek klubimiz hisobiga o‘tkazildi. Biz esa darhol transfer sertifikatini jo‘natdik va endi bitimni to‘liq yakunlangan deb hisoblash mumkin. Kelishuv ko‘plab jihatlari bilan o‘ziga xos bo‘ldi – tomonlar bir-biriga yon bosdi va barcha kafolatlar inobatga olindi. «Istanbul Bashakshehir» klubiga ham, albatta, ProSports Management kompaniyasi rahbari German Tkachenko janoblariga ham minnatdorchilik bildiraman. Bu bitim barcha tomonlar uchun yutuqli bo‘ldi. Abbosga esa katta omad tilayman!», — dedi Breydo.
Ma’lumot uchun, Fayzullaev «SSKA» safida 2023-yil avgustidan beri o‘ynab kelayotgan edi. Shu davr ichida u 72 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 22 ta golli uzatma berdi. Jamoa bilan birga Rossiya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. Chempionatda esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichi doirasida «Istanbul Bashakshehir» safarda Norvegiyaning «Viking» jamoasi bilan o‘ynab, 1:3 hisobida irodali g‘alabaga erishgan edi.