«Yosh tadbirkorlar» chempionati g‘oliblariga 1 milliard so‘mgacha investitsiya qilinadi

eʼlon qilindi
100 ta mahalliy startapni xalqaro bozorga olib chiqishga $100 million yo‘naltiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

2025-yildan boshlab «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkazilib, unda tanlab olingan 100 ta g‘oyaning har biriga 1 milliard so‘mgacha investitsiya qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan davom etayotgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ortiq startap faoliyat yuritmoqda.

«E’tibor bering, yetti oyning o‘zida startaplarga rekord miqdorda – $264 million xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024-yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz», — dedi prezident.

Ungga ko‘ra, yoshlarning mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi, shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalar jalb qilinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bu maqsad uchun $100 million yo‘naltiriladi.

Shuningdek, bu yildan boshlab «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkaziladi. Unda eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Loyihalarni xalqaro brendga aylantirish maqsadida moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlar xarajatlari ham qoplab beriladi.

«G‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi», – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2028-yilgacha mehmonxona va turistik maskanlar qurishga 5 ming gektar yer auksionga chiqarilishi haqida yozgandi.

Shuningdek