Iste’mol kayfiyati: aholi xarajatining katta qismi uy-joy ta’miriga ajratilmoqda

eʼlon qilindi
Kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi kamaygan
Foto: Unsplash

2025-yil iyul oyida Markaziy bank tomonidan 3 mingdan ortiq respondentдфк ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovlar O‘zbekiston aholisi iste’mol kayfiyatida barqarorlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Fuqarolarning daromadlari va xarajatlariga oid kutilmalari yuqori darajada, biroq kredit olishga nisbatan ehtiyotkorlik kuchaymoqda.

Daromadlar subindeksi: yuqori darajada barqarorlik

Aholi daromadlari 2025-yilning ikkinchi choragida sezilarli darajada o‘sishda davom etmoqda. Daromad subindeksi 70,7 bandni tashkil etdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 band yuqori. Bu ko‘rsatkich oxirgi ikki yil davomida 70 band atrofida shakllanib, barqaror ijobiy tendensiyani ifodalab kelmoqda.

Respondentlarning 65,4 foizi kelgusi 12 oyda daromadlari oshishini kutmoqda. Faqat 11,7 foiz daromadlar kamayishini taxmin qilgan, qolgan 22,9 foiz esa o‘zgarish bo‘lmasligini bildirgan. Demak, aholining 3/2 qismi o‘z daromadlari ijobiy dinamikasiga ishonmoqda.

Daromad manbalari tarkibida rasmiy oylik ish haqi asosiy o‘rinda bo‘lib, 68 foiz respondent shu manbadan daromad olayotganini qayd etgan (I chorakda bu ko‘rsatkich 59 foiz edi). Shuningdek, mulkni ijaraga berishdan daromad oluvchilar ulushi ortgan, biroq tomorqa, yollanma ish va stipendiya kabi manbalar ulushi pasaygan.

Soha kesimida qaralganda, kafe-restoran, tashish xizmati, qurilish, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishda ishlovchilarning 70 foizdan ortig‘i daromadlari ko‘payishini kutmoqda. Budjet tizimi xodimlarining optimizmi ham yuqori bo‘lib, bu davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ish haqi oshirish siyosatiga bog‘liq.

Xarajatlar subindeksi: yuqori iste’mol talabi saqlanmoqda

Xarajatlar subindeksi 77,8 bandni tashkil etdi va so‘nggi choraklarda deyarli o‘zgarmagan. So‘rovda ishtirok etganlarning 77 foizi kelgusi 12 oyda xarajatlari ortishini kutmoqda.

Asosiy xarajat yo‘nalishlari uy-joy ta’miri, ta’lim va sog‘liqni saqlash bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, yosh guruhlar bo‘yicha qaralganda, 18 – 30 yoshdagilar ta’lim va uy-joy ta’miriga, 50 yoshdan kattalar esa davolanish xarajatlariga ko‘proq mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Katta xaridlar ichida avtomobil, sayohat va to‘y marosimlari ham muhim o‘rin tutmoqda.

Kredit subindeksi: ehtiyotkorlik kuchaymoqda

Kredit subindeksi ikkinchi chorakda 66,4 bandni tashkil etib, birinchi chorakka nisbatan 0,9 bandga pasaydi. Kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi 56,5 foiz bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich chorak davomida 2,2 foiz bandga kamaydi.

Yuqori daromad guruhlarida kreditga talab biroz oshgan bo‘lsa-da, 7 mln so‘mgacha daromadga ega qatlamlarda kamaygan. Kredit olish istagida bo‘lganlar asosan uy-joy ta’miri, ta’lim, davolanish, to‘y marosimlari va avtomobil xaridi uchun qarz olishni rejalashtirmoqda.

Jamg‘arish subindeksi: biroz pasayish, ammo barqarorlik

Jamg‘arish kayfiyati subindeksi 68,3 bandni tashkil etib, chorak davomida 1,1 bandga pasaydi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Respondentlarning 62,6 foizi kelgusida jamg‘armalari oshishini kutmoqda.

Bank tizimiga bo‘lgan ishonch ham ortib bormoqda. 2025-yilning birinchi yarmida milliy valyutadagi muddatli omonatlar hajmi 2024-yilning mos davriga nisbatan 55 foizga oshdi. Bu esa aholining ortiqcha mablag‘larini naqd shaklda emas, balki rasmiy moliya tizimida saqlashga intilayotganini ko‘rsatadi.

Iqtisodiy kutilmalar: optimizm ustun

Respondentlarning 61 foizi kelgusi 12 oyda mamlakat iqtisodiyoti yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Atigi 11 foiz salbiy qarash bildirgan bo‘lsa, 27 foiz holat o‘zgarishsiz qolishini taxmin qilgan.

O‘rta muddatli istiqbol bo‘yicha optimizm yanada yuqori – respondentlarning 70 foizi kelgusi uch yilda iqtisodiy rivojlanish davom etishini kutmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekiston yuqori daromadli davlatlar qatoriga 100 yildan keyin qoʻshilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek