Shavkat Mirziyoyevni Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatish taklif qilindi

Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi Alfiya Musina Shavkat Mirziyoyevni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi.
U bu fikrini davlat rahbari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqot davomida bildirdi. Musinaning ta’kidlashicha, prezident so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Kavkazning birodar xalqlarini yaqinlashtirish va birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Menga qolsa, sizni tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgan bo‘lardim», — dedi u.
Shuningdek, u prezidentning so‘nggi yillarda biznes muammolariga e’tiborli bo‘lib kelayotganini qayd etdi va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.
Mazkur uchrashuvdan bir kun o‘tib, 21-avgustda prezident yana bir qator tadbirkorlarni taqdirladi. Ular orasida Alfiya Musina «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.
Avvalroq Kambodja AQSh prezidenti Donald Trampni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgandi.