
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzod sifatida Portugaliya terma jamoasi sobiq ustozi Paulu Bentu koʻrilmoqda. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Bentu soʻnggi bor BAA terma jamoasini boshqargan. Ammo jamoa JCh-2026 saralashida muvaffaqiyat qozona olmaganidan soʻng, lavozimidan ozod qilingan.
Bentu murabbiylik faoliyati davomida «Sporting» va «Olimpiakos» klublarida ishlagan. Shuningdek, u Portugaliya, Janubiy Koreya hamda Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalariga bosh murabbiylik qilgan.
Uning yutuqlari orasida 2012-yilda Portugaliya terma jamoasi bilan Yevropa chempionati yarim finaliga chiqishi va 2022-yilda Janubiy Koreya terma jamoasini Jahon chempionati pley-off bosqichiga olib chiqishi alohida ta’kidlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyalik murabbiy Oʻzbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.