
Surxondaryo viloyatida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali Oltinsoy tumani bo‘limi boshlig‘i hamda tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi bosh mutaxassisi pora olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ular fermer xo‘jaligini elektr tarmog‘iga qayta ulab berish va hisoblagichni qaytarish evaziga 5 mln so‘m talab qilgani aytilmoqda.
Farg‘ona viloyatida esa O‘zbekiston tumani Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi fuqaroning kredit qarziga oid hujjatni yo‘q qilish evaziga 5 mln so‘m olayotganda qo‘lga olindi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddi idoralar aholiga murojaat qilib, bunday noqonuniy holatlarga duch kelganda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Latviyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlagan edi.