
AQSh prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanganidan beri 600 dan ortiq moliyaviy operatsiya amalga oshirgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, siyosatchi sotib olgan qimmatli qog‘ozlar qiymati $100 milliondan oshadi. Tramp joriy yilda prezidentlikka saylangandan buyon korporativ, davlat va munitsipal obligatsiyalarni xarid qilgan. Prezident bo‘lganidan keyin Trampning aktivlari yanada oshgani qayd etilgan.
Tramp sotib olgan obligatsiyalar orasida Citigroup, Morgan Stanley va Wells Fargo, shuningdek Meta, Qualcomm, Home Depot, T-Mobile USA va UnitedHealth Group qimmatli qog‘ozlari bor.
Bundan tashqari, Oq uy rahbari shaharlar, shtatlar, okruglar va boshqa emitentlar chiqargan qimmatli qog‘ozlarni ham xarid qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning aktivlari AQSh siyosati o‘zgarishi mumkin bo‘lgan davrlarda qiymati oshadigan sohalar bilan bog‘liq.
«Prezident Trampning boyligi sezilarli darajada oshdi. Uning aktivlarining katta qismi kriptovalyuta va Trump Media bilan bog‘liq», — deydi Oxford Economics tahlilchisi Jon Kanavan.
Nashrga ko‘ra, Trampning iyun oyida taqdim etilgan yillik deklaratsiyasi turli manbalardan tushgan daromad oxir-oqibat prezidentning o‘ziga tegishini ko‘rsatgan. Bu esa uni manfaatlar to‘qnashuvi uchun ayblashga asos bo‘lishi mumkin.
Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, Tramp kamida $1,6 milliardlik aktivni deklaratsiyasiga kiritgan.
Bundan avval Tramp o‘zining izdoshi kim bo‘lishi mumkinligini aytgandi.