Avto

UzAuto Motors taqdim etayotgan yangi model Tahoe 2 ekanligi taxmin qilinmoqda

25-avgust kuni
Chevrolet Tahoe
UzAuto Motors qanday modelni taqdim etishi mumkin / Foto: Car and Driver

UzAuto Motors 25-avgust kuni yangi Chevrolet Tahoe 2025 modelini O‘zbekiston bozoriga taqdim etishi mumkin. Kompaniya sirli modelining nomini hali ochiqlamagan bo‘lsa-da, avtomobil ko‘rinishi jihatdan yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Kursiv Uzbekistan Chevrolet.uz saytidagi sahifani kod holatiga aylantirganida tizer rasmi Tahoe2 nomi bilan yuklanganini ham aniqladi.

Foto: Saytdan ekran tasviri

Chevrolet.uz saytida e’lon qilingan Chevrolet Tahoe modeli haqidagi sahifasida u 343 ot kuchi ishlab chiqarilishi haqida yozilgan. U 100 km/soat tezlikka 8 soniyada chiqadi.

Dinamik yonilg‘i boshqaruvi silindrlarni o‘chirib, yonilg‘i sarfini kamaytiradi va ekologik me’yorlarga moslashadi. Tahoe o‘rtacha atigi 12,6 litr yonilg‘i sarflaydi.

Tahoe — uch qatorli o‘rindiqlarga ega yirik model bo‘lib, AQSh bozorida u uch xil dvigatel bilan sotiladi. 5,3 litrli V8 (355 ot kuchi), 6,2 litrli V8 (420 ot kuchi) hamda 3,0 litrli Duramax dizeli bilan harakatlanadigan model ham shular jumlasidan. Barcha variantlar 10 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan va xaridor tanloviga ko‘ra orqa yoki to‘liq yetaklovchi g‘ildirakli bo‘lishi mumkin.

Foto: Dunyouz telegram kanali

Model turiga qarab, Tahoe 10,2 dyuymli multimedia ekrani, Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlovi, raqamli panel, Bose audio tizimi, adaptiv kruiz-kontrol va xavfsizlikka oid ko‘plab elektron yordamchi tizimlar bilan taqdim etiladi. Ikkinchi va uchinchi qator o‘rindiqlari yig‘ilganda, yukxona hajmi 3 400 litrdan ortiqni tashkil etadi.

Foto: Dunyouz telegram kanali

O‘zbekiston uchun texnik tafsilotlar va narxlar hozircha oshkor qilinmadi. AQShda eng arzon Tahoe $59 mingdan boshlansa, O‘zbekistonda mart oyigacha Tahoe RST versiyasi $89 ming narxda sotilgan edi.

Foto: Dunyouz telegram kanali

Mart oyidan keyin kontrakt asosida buyurtmalar vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bunga hukumatning xorij mashinalaridan voz kechib, mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga o‘tishi sabab bo‘lgan.

Chevrolet Tahoe 2025 modelining savdoga qaytishi bilan premium SUV bozorida katta qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Chevrolet Tracker, Onix, Spark modellari Janubiy Amerikada yangilangan versiyada taqdim etilgan edi.

Avvalroq Chevrolet Onix Hyundai platformasida yaratilishi haqida yozgan edik.