
Xitoy o‘zining harbiy salohiyatini kuchaytirish bilan birga yadro qurollarini ham tezkorlik bilan kengaytirayotgani haqida AQSh harbiylari va ekspertlar ogohlantirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda hozirda taxminan 600 ta yadro kallagi mavjud bo‘lib, 2030-yilga kelib bu raqam 1000 dan oshishi kutilmoqda.
AQSh Kongressida so‘zlagan general Entoni Kotonning ta’kidlashicha, bu jarayon Xitoy rahbari Si Szinpinning 2027-yilgacha Tayvanni egallashga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi ko‘rsatmasi bilan bog‘liq.
Pekinning rasmiy pozitsiyasi yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanmaslik siyosatiga asoslanadi. Xitoy Mudofaa vazirligi yadro urushida g‘alaba bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlab, G‘arbning Xitoy yadroviy tahdidi haqidagi da’volarini rad etmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy 350 dan ortiq yangi raketa shaxtalari va harakatchan start tizimlari bazalarini barpo etmoqda. Bu jarayon uni dunyodagi eng tez kengayayotgan yadroviy davlatga aylantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Shimoliy Koreyada yadroviy qurolni tezkor kengaytirishga chaqirgan edi.