Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam ko‘rsatish samaradorligi oshiriladi

Prezident qarori bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult markazini tashkil etish loyihasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorda aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish belgilangan. Shuningdek, tibbiyot va ta’lim muassasalarini mustahkamlash hamda ularni zamonaviy tibbiy va diagnostik uskunalar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish muddati 2025–2032-yillar etib belgilandi. Shuningdek, qarorga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazi deb qayta nomlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi JICA ko‘magida yapon mutaxassislarini jalb etish uchun Yaponiyaning Yakuzemi Information Education Center bilan xorijiy valyutada bir yil muddatga shartnoma imzolashi belgilandi.
Bundan avval Toshkentda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya markazi tashkil etilishi belgilangandi.