
Andijon viloyatining Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlari ko‘plab loyihalar asossiz rad etilgani yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari sababli «Tashabbusli budjet»ning ovoz berish bosqichidan chetlatildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ulug‘norda 73 ta loyihadan atigi 13 tasi, Oltinko‘lda esa 116 ta loyihadan 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihalarni qonunchilikda belgilangan me’zonlarga asosan qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan bo‘lsa-da, mahalliy komissiyalar bu ishni amalga oshirmagan.
Natijada, me’zonlarga rioya qilinmagani sababli Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlarida 2-mavsum uchun ovoz berish bosqichi bekor qilindi.
Ma’lumot uchun, «Tashabbusli budjet»ning 2025-yilgi 2-mavsumi doirasida 22 mingdan ortiq loyiha taqdim etilib, ularning 18 656 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumi uchun ovoz berish boshlangani haqida xabar bergan edik.