AQSh xorijlik yuk mashinasi haydovchilariga viza berishni vaqtincha to‘xtatdi

eʼlon qilindi
Shuningdek, hukumat 55 mlndan ortiq vizaga egalarini qonunbuzarliklar bo‘yicha tekshirmoqda
AQSh xorijlik yuk mashinasi haydovchilariga viza berishni vaqtincha to‘xtatdi. Foto: metcalflawgroup.com

Davlat departamenti xorijlik yuk mashinasi haydovchilariga viza berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Bunga sabab sifatida yo‘l xavfsizligi va amerikalik haydovchilarning ish o‘rinlarini himoya qilish ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati 55 milliondan ortiq vizaga ega xorijliklarni qonunbuzarliklar yuzasidan tekshirayotganini ma’lum qildi.

Davlat departamenti barcha viza egalari uzluksiz nazoratda ekanini bildirdi. Agar vizada ko‘rsatilgan muddatdan oshib qolish, jinoyat sodir etish, xavfsizlikka tahdid yoki terrorchilik faoliyatiga aloqadorlik aniqlansa, viza bekor qilinadi va shaxs AQShdan chiqarib yuboriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, tekshiruvlar nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarida ko‘p martalik turist vizasi bilan yurganlarga ham taalluqli bo‘ladi. Ular ijtimoiy tarmoqlar, huquqni muhofaza qilish organlari va immigratsiya yozuvlari orqali ham kuzatiladi.

Tramp prezidentlikka qayta saylanganidan beri ma’muriyat olti mingdan ortiq talaba vizasini bekor qildi. Ulardan to‘rt mingga yaqini qonun buzilishi, 200–300 tasi esa terrorchilikka oid sabablar bilan bekorlangan.

Bu choralar orqali hukumat xorijlik ishchilar sonini kamaytirishni va amerikaliklar uchun xavfsizlikni kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

Bundan avval 16-avgustda mamlakat Gʻazo fuqarolariga viza berishni vaqtincha toʻxtatgandi.

Shuningdek