
Instagramdagi Iwash_tashkent va Abdurahmonmufid profili egalari konsalting korxonasi xizmatlarini noto‘g‘ri shaklda reklama qilganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yurituvchi @iwash_tashkent sahifasi blogeri Otabek Jo‘rayev hamda @abdurahmonmufid sahifasi yurituvchisi Abdurahmon Abdurahmonov tomonidan «Adworld group» MChJ faoliyatiga oid reklama materiallari joylashtirilgan. Ushbu materiallarda fuqarolarga konsalting emas, balki bevosita xorijda ishlashga yuborish xizmatlari taklif etilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar faqat tegishli litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi belgilangan. Litsenziyasiz bunday faoliyat bilan shug‘ullanish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, litsenziya yoki majburiy sertifikatsiz faoliyat va tovarlarni reklama qilish ham taqiqlangan. Mazkur holat yuzasidan ikkala fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, materiallar sudga yuborildi.
Jo‘rayev bu masala bo‘yicha o‘z rasmiy sahifasida konsaltingga to‘lov qilgan fuqarolarga pullari qaytarilayotgani haqida ma’lumotlarni joylagan.




Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi ikkita blogerni noqonuniy qimor reklamasi uchun javobgarlikka tortgani haqida yozgandi.