Indeks bozorida yong‘in sodir bo‘lmadi — FVV

Ijtimoiy tarmoqlarda Indeks bozorida yong‘in chiqdi degan xabarlar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ma’lumotni rad etib, voqea boshqa hududda yuz berganini ma’lum qildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, 22-avgust kuni soat 13:29 da Toshkent shahar FVBga Yangihayot tumani Chortoq mahallasidagi Rayhon ko‘chasida joylashgan qog‘ozni qayta ishlash sexi hududida qog‘oz chiqindilari va quruq o‘t yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Yong‘in joyiga 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Ekipajlar soat 13:33 da voqea joyiga yetib borgan va soat 13:52 da yong‘inni nazorat ostiga olib, 14:16 da to‘liq bartaraf etishgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yong‘in Indeks bozori hududida emas, balki sex hududidagi ochiq maydonda sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islom sivilizatsiyasi markazi hududida yong‘in yuz bergani haqida yozgandi.