O‘zbekiston–Turkmaniston o‘rtasidagi savdo hajmi 700 million dollarga yetdi

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston–Turkmaniston o‘rtasidagi savdo hajmi $700 millionga yetdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkmanistondagi «Avaza» milliy turizm zonasidagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuv o‘tkazdi.



Muzokaralarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Fevraldan boshlab mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qilmoqda, poytaxtlarda savdo uylari ochilgan. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar «Shovot – Toshovuz» savdo zonasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiyalar, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda qanday kutib olingani haqida yozgandi.