O‘zbekiston yuk tashish tariflarini pasaytirishga va Kaspiy orqali yangi yo‘laklar ochishga tayyor — Shavkat Mirziyoyev

Bugun, 22-avgust kuni Turkmanistonning Avaza turizm hududida Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va energetika sohasida hamkorlik masalalari markazda bo‘ldi.

Mirziyoyev O‘zbekistonning asosiy bozorlarga chiqishini tez va arzon qilish uchun yuk tashish tariflarini pasaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, u Xitoydan Yevropaga qadar uzluksiz tranzit yo‘laklarini shakllantirish, xususan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon infratuzilmasidan samarali foydalanish muhimligini qayd etdi.

Davlatlar yetakchilari portlar o‘tkazuvchanligini kengaytirish, Turkmanboshi va Boku shahrida zamonaviy logistika markazlari yaratish, tarif siyosatini uyg‘unlashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va yuk nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ekspertlar darajasida ishlarni boshlashni taklif qildi.

shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekistonning Kaspiy dengizi orqali yuk tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Energetika borasida esa uchinchi mamlakatlarga eksport yo‘laklarini kengaytirish, Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berish loyihasini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ta’kidladi. Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlari va konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham muhokama qilindi.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasi ham dolzarb yo‘nalish sifatida qayd etildi. O‘zbekistonning Ozarbayjon va Turkmaniston bilan o‘zaro savdosi so‘nggi yillarda ikki barobar oshgani, tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlari ulushi 40 foizga yetgani aytildi.

Uchrashuvda, shuningdek, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish, ulgurji-taqsimot markazlarini yaratish, mahsulotlarni raqamli markirovkalash, fitosanitariya va karantin talablarini uyg‘unlashtirish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Madaniy-gumanitar yo‘nalishda esa uch tomonlama turizm dasturi qabul qilish, mushtarak madaniy meros va an’analarni namoyish etish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha rejalar tilga olindi.

Yakunda Mirziyoyev ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish va vazirlar darajasida qo‘shma uchrashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston–Turkmaniston o‘rtasidagi savdo hajmi 700 million dollarga yetgani haqida yozgandi.