
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bu safar Kokand University xususiy o‘quv muassasasining reklamasida ko‘rinish berdi.
Video ta’lim muassasasining Instagram sahifasida e’lon qilingan. Rolikda u yoshlarni imkondan foydalanib, universitetga kirishga chaqiradi.
Madaniyat vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi bu holat yuzasidan hech qanday izoh bermagan.
«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat xizmatchilariga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Faqat prezident normativ hujjatlarida belgilangan hollargina bundan mustasno.
Eslatib o‘tamiz, Madaniyat vaziri ilgari ham reklama roligida suratga tushgandi. 2024-yilda u KINGSMAN kiyimlar do‘koni reklamasi roligida paydo bo‘lgan. Videoni do‘konning Instagram sahifasiga joylashtirishgan, biroq keyinchalik administratorlar uni o‘chirib tashlashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ozodbek Nazarbekovga «Qirg‘iz Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni taqdim etilgani haqida xabar bergandi.