Tarixdagi eng mashhur tangalar

22-avgust 2025 15:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
tangalar
Tarixdagi eng mashhur tangalar / Foto: Bankrate

Tangalar qadimgi davrlardan buyon nafaqat to‘lov vositasi, balki tarix va madaniyatning guvohi sifatida ham qimmatlidir. Ba’zi tangalar tarixiy voqealar, afsonalar yoki noodatiy xususiyatlari bilan mashhurlikka erishgan. Quyidagi maqolada shu kabi dunyoning eng mashhur va noyob tangalari haqida ma’lumot beriladi. Har bir tanga qachon va qayerda zarb etilgani, qanday tarixiy ahamiyatga ega ekani, dizayni va hozirgi numizmatik qiymati yoritiladi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:

Rim denariysi

Foto: Vikipediya

Rim denariysi — qadimgi Rimning standart kumush tangasi bo‘lib, ilk bor eramizdan avvalgi 211-yilda muomalaga kiritilgan. Lotincha «denarius» so‘zi «o‘ntalik» degan ma’noni anglatadi. Chunki dastlab 10 ta mis assga teng bo‘lgan. Denariy Rim Respublikasi va ilk Imperiya davrida asosiy pul birligi sifatida ishlatilgan.

Dastlab u 4,5 gramm sof kumushdan yasalgan. Keyinchalik og‘irligi va tozaligi pasaygan. Tangada avval Rim xudolari, keyinchalik esa imperatorlarning bosti tasvirlangan. Orqa tomonida allegorik sahnalar va yozuvlar zarb etilgan. Denariy imperiya bo‘ylab legionarlar maoshidan tortib, kundalik savdogacha ishlatilgan. «Denarius» so‘zi bugungi kunda ham italyancha «denaro», ispancha «dinero» va arabcha «dinar» so‘zlarida yashab keladi.

Foto: BBC

Numizmatlar uchun ko‘p denariylar arzon bo‘lib, odatda o‘nlab yoki yuzlab AQSh dollariga baholanadi. Biroq ayrim noyob turlar juda qimmatga sotiladi. Masalan, Brutning mil.avv. 42-yilda zarb etgan «EID MAR» denariysi tarixiy ahamiyatga ega. 2004-yilda uning bir namunasi $40 mingga baholangan. Oltindan yasalgan varianti esa 2020-yilda Londonda 2,7 mln funtga sotilgan. Bu natija unga qariyb $3,4 mln qiymat olib kelgan. Mazkur holatlar denariyning kolleksionerlar orasidagi qadrini yaqqol ko‘rsatadi.

Afsonaviy Lidiya tangasi

Foto: Italgold Refinery

Lidiya tangasi eramizdan avvalgi VII asrda hozirgi Turkiya hududidagi qadim Lidiya qirolligida yaratilgan. Tarixchi Gerodotga ko‘ra, lidiyaliklar birinchi bo‘lib oltin va kumush qotishmasidan tangalar yasashgan. Dastlabki tangalar Podshoh Alyatt davrida paydo bo‘lib, savdo va xazina ehtiyojlariga xizmat qilgan. Uning o‘g‘li, boy podshoh Krez sof oltin va kumush tangalarni ham muomalaga kiritgan.

Foto: WHE

Lidiya tangalari standart og‘irlik va probaga ega ilk rasmiy pul birligi bo‘lib tarixda iz qoldirgan. Dizayni odatda arslon boshi va peshonasida quyosh nurlari tasviri bilan tanilgan. Orqa tomonida esa zarb shtempeli qoldirgan kvadrat chuqurcha bo‘lgan. Bu tangalar nafaqat Lidiyada, balki qo‘shni yunon hududlarida ham topilgan. Ular keyinchalik fors va yunon tangalar tizimiga asos bo‘lib xizmat qilgan.

Asl Lidiya tangalari bugun juda nodir bo‘lib, asosan muzey va xazinalarda saqlanadi. Ba’zan numizmatika auktsionlarida paydo bo‘lib, minglab dollarga baholanadi. Ilk elektum staterslari tarixdagi birinchi standartlashtirilgan tangalar sifatida qadr topgan.

1913-yilgi Liberty Head tangasi

Foto: Vikipediya

1913-yil 5 sentlik Liberty Head nikel AQSh numizmatikasidagi eng afsonaviy va nodir tangalardan biridir. O‘sha yili rasmiy ravishda Liberty Head dizaynida tangalar ishlab chiqarilmagan. 1913-yilda AQSh «Buffalo» nikellari muomalaga kiritilgan edi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, 1913 sanasi tushirilgan besh dona Liberty Head yashirincha zarb etilgan.

Taxminlarga ko‘ra, ularni zarbxona xodimi Samuel Braun shaxsan zarb qilgan bo‘lishi mumkin. 1919-yilda ilk nusxasi numizmatlar e’tiboriga havola qilingan. 1920-yillarga kelib beshta nusxaning barchasi kolleksionerlarga ma’lum bo‘ldi. Tangada old tarafda Lady Liberty boshi, orqa tomonida esa V (rimcha 5) nominali aks etgan. 1913-yilgi Liberty Head «Amerika tangachilik muqaddas timsoli» deb ataladi.

Foto: Vikipediya

U 1972-yilda bir nusxasi $100 mingdan oshiq narxga sotilgan ilk tanga bo‘lgan. 1996-yilda uning qiymati bir million dollardan yuqoriga yetdi. 2010-yilda «Hawaii Five-O» laqabli nusxa 3,7 million dollarga sotildi. Bugungi kunda ikki dona xususiy kolleksiyalarda, uchtasi muzeylarda saqlanadi. U nafaqat noyob, balki yaratilishidagi sir-sinoati bilan ham qimmatlidir.

SSSR 1947-yil 1 rubl

Foto: Ochiq manbalar

1947-yilgi SSSR 1 rubl tangasi — Sovet numizmatikasidagi eng afsonaviy va sirli tangalardan biridir. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1947-yilda SSSRda pul islohoti o‘tkazildi. Reforma doirasida 1 dan 20 kopeykgacha yangi mis-nikel tangalar zarb qilindi. Shuningdek, «Aurora» kreyseri tasvirli 1 rubl yubiley tangasi ham tayyorlandi. Tangalar yangilangan davlat gerbi bilan bezatilgan edi. Biroq noma’lum sabablar bilan 1947 tangalari muomalaga chiqarilmadi. Ularning barchasi eritildi, faqat ko‘rgazma namunalarigina saqlanib qoldi. Bugun ular nihoyatda kamyob bo‘lib, ko‘pchiligi stend izlariga ega.

1933-yil Double Eagle — dunyodagi eng qimmat oltin tanga

Foto: Vikipediya

1933 Double Eagle AQShning $20 oltin tangasi bo‘lib, juda nodir va afsonaviydir. 1933-yilda AQSh zarbxonasi 445 500 dona Double Eagle tangasi zarb etgan. Oltin standarti bekor qilinib, fuqarolardan oltin tangalar musodara qilindi. Natijada 1933 tangalari muomalaga chiqarilmadi va aksariyati eritildi. Faqat rasman ikkita nusxa Milliy Numizmatika kollektsiyasida qolgan. Biroq bir nechta nusxalar yashirincha xususiy qo‘llarga o‘tgan.

Bugun atigi 13 dona asl nusxa mavjudligi aniqlangan. Ulardan faqat bittasi xususiy mulk — «Faruk nusxasi» hisoblanadi. Qolganlarini xususiy egalikda saqlash AQShda noqonuniydir. Tanga old yuzida Lady Liberty, orqa yuzida esa burgut tasvirlangan. Ko‘plab mutaxassislar uni «AQSh tangalarining eng go‘zali» deb ataydi. 2002-yilda Faruk nusxasi $7,59 mlnga sotilgan. 2021-yilda esa u $18,9 mlnga xaridor topib, rekord o‘rnatdi.

Britaniya suvereni tangasi

Foto: Vikipediya

Britaniya suvereni Buyuk Britaniyaning eng mashhur oltin tangasidir. Ilk «suveren» oltin tangasi 1489-yilda qirol Genrix VII davrida zarb qilingan. U qiymati bir funt sterlingga teng bo‘lgan katta oltin tanga edi. Zamonaviy suveren 1816-yilgi qonundan so‘ng, 1817-yilda qayta muomalaga kiritildi. Nominali bir funt, og‘irligi 7,988 gramm, tarkibi sof oltin.

Foto: Hattons of London

Imperiya davrida u xalqaro savdoda «Britaniya oltin funti» sifatida tanildi. Orqa yuzidagi Avliyo Jorj ajdarhoni o‘ldirayotgan dizayn Pistruchchiga tegishli. Aversida esa amaldagi monarxning portreti aks ettiriladi. 1817–1914-yillarda faol muomalada bo‘lib, keyin qog‘oz pullar bilan almashtirildi. 1957-yildan buyon u asosan investitsion va yubiley tanga sifatida chiqariladi. Sof oltin qiymatidan tashqari, ayrim yillari kolleksion bahoga ega. 1817-yilgi ilk nusxalar va 1937-yil Edvard VIII suverenlari juda qimmat.

Islomiy tilla dinorlar

Foto: Vikipediya

Islomiy dinorlar ilk musulmon davlatlarining oltin tangalaridir. Nomini Rim denariysidan olgan bo‘lsa-da, uslubi butunlay o‘ziga xos. Umaviy xalifasi Abdul Malik davrida islom dinorlari paydo bo‘ldi. Hijriy 77-yilda zarb etilgan ilk dinorlarda faqat arab yozuvlari bo‘lgan. Hech qanday jonzot tasviri ishlatilmagan, Qur’on oyatlari tushirilgan. Mashhur nusxalardan biri — Hijriy 105-yil Umaviy oltin dinori.

U xalifa Hishom yoki Yazid II davrida zarb etilgan bo‘lishi mumkin. Yozuvida «Amirul mo‘mininning koni» va «Hijozda» degan so‘zlar bor. Bu Makka va Madina joylashgan Hijoz nomi tushirilgan ilk tanga hisoblanadi. 2011-yilda Londonda bunday dinor 3,72 mln funtga sotilib rekord o‘rnatdi. U nafaqat islom, balki Yevropada sotilgan eng qimmat tangalardan biridir. Dinarlar islom iqtisodiy mustaqilligining ramzi sifatida ham qadrli.

Avvalroq AQSh valyutasining tarixi haqida maqola e’lon qilgan edik.

Shuningdek