
Toshkentda o‘zlariniki bo‘lmagan yerni to‘rt million dollarga sotmoqchi bo‘lganlar qamoqqa olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkentda qurilish obyektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MChJning ofis menejeri va maklerlik bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro tadbirkorni aldagan. Ular o‘zlariga tegishli bo‘lmagan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50 sotix yer maydonini $4 million evaziga sotmoqchi bo‘lib, avans sifatida $100 ming olgan.
Shuningdek, ular yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali yer hujjatlarini o‘zgartirib berish, turar joyga ruxsatnoma olish va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga qo‘shimcha $200 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari olib borgan tezkor tadbirda ular 200 ming dollarni olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Hozirda ular ustidan jinoyiy ish qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda ularning sheriklari aniqlanmoqda.
Bundan avval murojaatchilardan pora talab qilgani uchun Surxondaryo va Farg‘onada mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.