Toss Koreyadan O‘zbekistonga bepul pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi

Janubiy Koreyaning moliyaviy texnologiyalar xizmati Toss (Viva Republica) xorijiy rezidentlar uchun xalqaro pul o‘tkazmalaridagi komissiyani bekor qilganini e’lon qildi. Ushbu aksiyaning amal qilish muddati 2025-yil oxirigacha belgilangan, deb xabar bermoqda The Korea Herald.
Bepul pul yuborish mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida O‘zbekiston, shuningdek, AQSh, Xitoy va Vyetnam ham bor. Janubiy Koreyada soni yuz minglabni tashkil etadigan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun bu o‘z yurtiga ortiqcha xarajatlarsiz pul yuborish imkonini anglatadi.
Toss ma’lumotiga ko‘ra, tashabbusdan qariyb 1,53 million kishi foydalanishi mumkin. Bu esa Koreyadagi barcha ro‘yxatdan o‘tgan uzoq muddatli xorijiy rezidentlarning 64 foizini tashkil etadi.
Iyul oyida kompaniya xalqaro provayder Sentbe bilan hamkorlikda xorijliklar uchun pul yuborish xizmatini ishga tushirgandi. Endi ushbu xizmat vaqtinchalik komissiyasiz ishlaydi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan 2025-yilning yanvar–iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 27 foizga oshgani haqida yozgandi.