Jizzaxda yangi aerodrom ishga tushdi

Jizzax viloyati Aydarkul bo‘yida joylashgan Arnasoy aerodromi foydalanishga topshirildi. Bu haqda AvroRJ’s SKY ma’lum qildi.
Mazkur aerodrom 1,7 ming metr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, terminal binosi hamda ATR-72 va L-410 samolyotlari uchun mo‘ljallangan to‘xtash joylariga ega. Birinchi parvozni harbiy-transport samolyoti CASA C295W amalga oshirdi.
Arnasoy aerodromi kelgusida hududda barpo etilishi rejalashtirilgan yirik kurort majmuasining transport markaziga aylanishi, turistlar oqimini oshirish va mintaqaning iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu tariqa mamlakat aviatsiya xaritasida yangi nuqta paydo bo‘lib, ichki turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston — Xorazm — Qoraqalpog‘iston — Qozog‘iston yo‘nalishi bo‘ylab yangi turistik yo‘lak ochilgan edi.