
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Manchester shahrida «City Football Group» va «Manchester Siti» klubi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarda oʻzbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish masalalari koʻrib chiqildi.
Asosiy mavzu sifatida oʻzbek klublaridan birini «City Football Group» tizimiga integratsiya qilish imkoniyati muhokama qilindi. Shuningdek, zamonaviy futbol akademiyasi tashkil etish, infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro tajribani joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.





Kompaniya vakillari Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqqani futbol rivoji yuqori darajaga yetganidan dalolat berishini taʼkidlashdi. Shuningdek, Abduqodir Husanovning transferi oʻzbek futboliga xalqaro qiziqishni oshirgani qayd etildi.
Safar davomida rasmiylar «Manchester Siti» akademiyasi va jamoa tizimi bilan yaqindan tanishishi ham rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» egasi O‘zbekistondan futbol klubi sotib olishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.