25-avgustda sodir bo‘lgan eng muhim yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan nashri 25-avgustda sodir bo‘lgan eng muhim voqea va hodisalarni bitta materialga joyladi.
Isroil Yaman poytaxti Sanoga hujum qildi: 6 kishi halok bo‘ldi

24-avgust kuni Isroil Yaman poytaxti Sanoga havo zarbalari uyushtirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu hujumlar husiylar tomonidan Isroilga qarata otilgan raketalarga javoban amalga oshirildi. Husi rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, zarbalarda 6 kishi halok bo‘lib, 86 kishi jarohatlangan.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo hajmi 30 foizga oshdi

2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo aylanmasi sezilarli darajada o‘sdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 504 mln yevrodan 658 mln yevroga yetib, 30 foizga oshgan.
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni mamlakatning Mustaqillik kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqdagi maktubni Ukraina rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali e’lon qildi.
Poytaxtda issiqlik va issiq suv ta’riflari narxlari oshirilishi rasman tasdiqlandi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tomonidan poytaxt uchun belgilangan issiqlik ta’minotining yangi narxlarini tasdiqladi. Bu haqda kengash qarori qabul qilindi.
Ayni paytda aholi uchun 1 Gkal issiqlik narxi qo‘shilgan qiymat solig‘isiz (QQSsiz) 121 ming 617 so‘mni tashkil etadi.
Bir guruh harbiy va huquq-tartibot xodimlari mukofotlandi
Prezident farmoniga ko‘ra, davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakat xavfsizligi, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamoat tartibini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mukofotlanganlar orasida Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar, Bojxona, Adliya tizimi vakillari hamda sud organlari xodimlari bor.
Yandex Uzbekistan taksi biznesi uchun motivatsion dasturni ishga tushirdi
Yandex Uzbekistan taksi sohasida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun maxsus motivatsion dasturini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga xabar berdi.
Unga ko‘ra, dastur shartlarini bajargan hamkorlar har bir servisga ulangan avtomobil uchun yiliga 35 million so‘mgacha bonus olish imkoniga ega bo‘ladi.
Mustaqillik bayramiga arzon narxlardagi mahsulotlar yarmarkalari ochildi

Toshkent shahrida Mustaqillik bayrami munosabati bilan arzon narxlardagi mahsulotlar yarmarkalari ochildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, unda go‘sht narxi 65 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha bo‘lib, maxsus rastalarda aholiga go‘sht, sabzavot, meva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etish tartibi belgilandi
Prezident farmoniga muvofiq Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi.
2025-yil 1-oktabrdan boshlab sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida o‘qitiladi. Kurslarga qabul qilingan shaxslar o‘qish davomida egallab turgan lavozimini saqlab qoladi hamda ularga har oyda sudya yordamchisining bir oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Toshkentda 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Toshkent shahrida 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslar qatnovi boshlanadi. Birinchi yo‘nalish (T1) Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi bo‘ylab harakatlanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur avtobuslar tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha qatnaydi. Ular aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, yirik bozorlar, savdo markazlari va turizm ko‘chalari orqali yuradi.
Dollar deyarli 12 300 so‘mga tushdi

Bugun, 25-avgust kuni dollar kursi 51,29 so‘mga tushib, 12 305,80 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.
Avvalroq hafta davomida yuz bergan yangiliklar dayjestini e’lon qilgan edik.