
SGMW kompaniyasi o‘zining yangi elektr krossoveri Wuling Bingo S elektromobili uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model to‘rt xil komplektatsiyada taklif qilinmoqda.
Tashqi ko‘rinish
Avtomobil silliq yopiq old qismi, dumaloq faralar va pastki qismida trapezoid panjara bilan ajralib turadi. Orqa qismida uzluksiz fonar va yuqoriga o‘rnatilgan tormoz chirog‘i mavjud. Yon tomonda floating roof dizayni, oddiy eshik tutqichlari va 16 dyuymli disklar qo‘llanilgan. Tashqi qismi kulrang, ko‘k, binafsha va oq rangda taqdim etiladi.

O‘lchamlari
- Uzunligi — 4265 mm;
- Eni — 1785 mm;
- Balandligi — 1600 mm;
- G‘ildirak bazasi — 2610 mm;
- Og‘irligi — 1250–1325 kg.
Texnik ko‘rsatkichlar
Wuling Bingo S elektromotori 75 kVt quvvat ishlab chiqaradi, bu esa 101 ot kuchiga teng. Uning maksimal aylanish momenti 180 Nmni tashkil etadi. Mashina ikkita batareya varianti bilan taqdim etiladi. 31,9 kVt·soatli akkumulyator 325 kilometr, 41,9 kVt·soatli akkumulyator esa 430 kilometr masofaga yetadi.
Avtomobilning eng yuqori tezligi 150 km/soatni tashkil qiladi. Tezkor DC zaryadlash orqali akkumulyatorni 30 foizdan 80 foizgacha atigi 35 daqiqada to‘ldirish mumkin, AC sekin zaryadlash esa variantga qarab 6,5 soatdan 9,5 soatgacha vaqt oladi.

Salon
Wuling Bingo S saloni ikki xil uslubda — oq yoki jigarrang ranglarda taqdim etiladi. Ichki qismi zamonaviy elementlar bilan jihozlangan. 8,8 dyuymli raqamli panel, 12,8 dyuymli markaziy sensorli ekran va ikki rangli uch qirrali rul mavjud. Old panel bo‘ylab cho‘zilgan shamollatkich avtomobilga kenglik hissini beradi. Orqa o‘rindiqlar bukilganda yukxona hajmi 1450 litrgacha kengayadi.
Modelda 50 Vt simsiz zaryadlash, 6 usulda sozlanadigan haydovchi o‘rindig‘i, SI ovozli yordamchi, 6 karnayli audio tizim, kalitsiz kirish va smartfon orqali masofadan boshqarish imkoniyati mavjud.

Narxlar
Komplektatsiya | Narx (yuan) | Narx (USD) |
---|---|---|
325 km Premium Edition | 68 800 | $9 6 ming |
325 km Flagship Edition | 75 800 | $10 6 ming |
430 km Premium Edition | 75 800 | $10 6 ming |
430 km Flagship Edition | 81 800 | $11 4 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Haval H9 Warrior Edition 26-avgustda taqdim etilishi haqida yozgan edi.