Avto

Haval Dargo Plus avtomobili taqdim etildi

U 1,5 litrli gibrid tizim bilan jihozlangan
Haval Dargo Plus
Haval Dargo Plus taqdim etildi / Foto: Haval

Haval brendi tomonidan ikkinchi avlod Haval Dargo Plus avtomobili (Xitoyda Big Dog nomi bilan tanilgan) qayta nomlanib taqdim etildi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Kompaniya yangi nom bilan birga avtomobilning yangilangan ko‘rinishini ham namoyish qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dargo Plus butunlay yangi model emas, balki mavjud Big Dog modelining takomillashtirilgan versiyasidir. U asosan texnik va vizual yangilanishlarga ega.

Yangi model avvalgidek shahar krossoveri va klassik yo‘ltanlamas elementlarini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Tizer suratida markaziy radiator panjarasining yangilangan dizayni va yoritiluvchi Haval logotipi ko‘rinadi.

Haval Dargo Plus avvalgi Big Dog modelining yangilangan talqini bo‘lib, tashqi ko‘rinishdagi mayda o‘zgarishlar va gibrid tizimdagi imkoniyatlarni saqlab qolgan.

Haval Dargo Plus 1,5 litrli gibrid tizim bilan jihozlangan. Uning quvvati komplektatsiyaga qarab 154 yoki 167 ot kuchini tashkil qiladi. Elektrodvigatel esa 177 yoki 299 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobilning elektr yurish masofasi NEDC sikli bo‘yicha 105 kilometrgacha yetadi.

Ma’lumot o‘rnida, Haval Xitoyning Great Wall Motor konserniga qarashli avtomobil brendi bo‘lib, asosan krossover va yo‘ltanlamas mashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya 2013-yilda mustaqil brend sifatida ajralib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Haval H9 Warrior Edition 26-avgustda taqdim etilishi haqida yozgan edi.