Yangiliklar

Koreya kompaniyasi folga ishlab chiqarishni O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi

Elektr energiyasi narxining yuqoriligi sababli
Folga ishlab chiqarish Koreyadan O‘zbekistonga ko‘chirilishi mumkin. Foto: SKC

Janubiy Koreyaning mis folga ishlab chiqaruvchisi SK Nexilis kompaniyasi Koreyada elektr energiyasi narxining yuqoriligi sababli O‘zbekistonda korxona ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Business Korea xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqarishni Chonipa shahridan O‘zbekistonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, SK Nexilis’ning Malayziyada bir nechta zavodi mavjud. Mis folga akkumulyator ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Mis folga ishlab chiqarish tannarxining qariyb 15 foizi elektr energiyasi xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Koreyada 1 kVt/soat narxi $0,13 ni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich $0,08 ni tashkil etadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston katta mis zaxiralariga va xomashyo qazib olishning past tannarxiga ega.

«Biz xarajatlar raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish quvvatlarini chet elga ko‘chirishni ham o‘z ichiga olgan turli variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan», — deydi kompaniya o‘z izohida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentni isitishda Koreyaning K-heating texnologiyasi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.