
Oppo kompaniyasi yaqin orada yangi flagmani Oppo Find X9 Pro modelini taqdim etadi. Bu haqda Smartprix manbasi xabar berdi.
Qurilma kuchli texnik imkoniyatlari va ilg‘or kamerasi bilan ajralib turadi. Smartfon 6,78 dyuymli OLED ekran bilan jihozlanib, 1,5K aniqlik va 120 Hz yangilanish tezligini taklif qiladi. Asosiy protsessor sifatida MediaTek Dimensity 9500 ishlatiladi, xotira hajmi esa 16 GB RAM va 512 GB ROM bo‘ladi.
Find X9 Pro flagmanida kamera tizimi yuqori darajada ishlangan. Asosiy modul 50 megapikselli Sony LYT-828 sensori bilan jihozlangan. Ultra keng burchakli kamera sifatida 50 megapikselli Samsung ISOCELL JN5 ishlatiladi. Periskop modulida esa 200 megapikselli Samsung ISOCELL HP5 sensori o‘rnatilib, 5 barobar optik zum imkoniyatini beradi. Old kamera ham Samsung ISOCELL JN5 sensori asosida ishlaydi.
Batareya sig‘imi 7550 mA·soat bo‘lib, 80 vattli tezkor va 50 vattli simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada ultratovushli barmoq izi skaneri, Wi-Fi 7, NFC va yon tomoniga o‘rnatilgan ko‘p funksiyali tugma mavjud. Operatsion tizim sifatida Android 16 va ColorOS 16 interfeysi ishlatiladi. Modelning narxi $1 ming bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda ham dolzarb va ishonchligini yo‘qotmagan beshta smartfon haqida yozgan edi.