O‘zbekiston va Britaniya strategik kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik qiladi

Londonda O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha yetakchi kompaniyasi – «Hudson Sandler» vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Muzokaralarda O‘zbekiston – Britaniya hamkorligini kengaytirish, «G2B» va «B2B» formatidagi aloqalarni kuchaytirish, Britaniyaning yirik kompaniyalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.
Tomonlar kelgusida hukumat va biznes doiralarini jalb etgan holda qo‘shma tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, 1986-yilda tashkil etilgan «Hudson Sandler» kompaniyasi strategik kommunikatsiyalar va konsalting xizmatlarini ko‘rsatib, yirik kompaniya va brendlar bilan aloqalar o‘rnatishda keng tajribaga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qatar farmatsevtika sohasida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.