Yangiliklar

O‘zbekistonda «Milliy futbol elektron platformasi» yaratiladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida «Legionerlar klubi» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda «Milliy futbol elektron platformasi» yaratiladi. Foto: Twam

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra:

  • futbol maydonlarini ko‘paytirish va moddiy-texnik bazani xalqaro talablar darajasiga moslashtirish orqali futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini oshirish;
  • iqtidorli futbolchilarni tanlab olish va ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini to‘liq raqamlashtirish belgilandi.

Shuningdek, «Milliy futbol elektron platformasi» axborot tizimi yaratiladi. Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab futbol akademiya va maktablaridagi mashg‘ulotlarni onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda ularning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish shu tizim orqali amalga oshiriladi.

2026-yil 1-martdan esa futbol o‘yinlariga chipta xaridi shaxsni identifikatsiya qilish va QR-kod texnologiyalaridan foydalangan holda maxsus onlayn tizim orqali yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga asosan Milliy futbol markazida quyidagi bo‘linmalar tashkil etiladi:

  • iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash uchun Raqamli futbol situatsion markazi;
  • futbol uchrashuvlarini video yordamchi hakam (VAR) tizimi orqali kuzatish uchun «VAR» markazi;
  • axborot tizimidagi ma’lumotlarni saqlash uchun «data futbol» markazi.

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida «Legionerlar klubi» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda xorijda faoliyat yuritayotgan yoki yuritgan yuqori malakali o‘zbekistonlik futbolchilar va boshqa mutaxassislar ishtirok etadi.

Bundan avval oʻzbek futbol klubi City Football Group tizimiga qoʻshilishi mumkinligi haqida xabar bergandik.